
Qamashi tumani hokimi Xurshid Usmonovning ustoz va murabbiylarga bayram tabrigi
Aziz ustozlar! Qadrli o‘qituvchi va murabbiylar!
Avvalo, barchangizni qutlug‘ sana – 1-oktyab – “Ustoz va murabbiylar kuni” bilan samimiy muborak etaman.
Biz barpo etayotgan Yangi O‘zbekiston davlatining asosiy maqsadi dunyodagi taraqqiy topgan davlatlar qatoriga kirish, xalqimiz uchun erkin va farovon hayot qurishdan iborat. Ana shu vazifani sidqidildan uddalay oladigan bilimli, iste’dodli va hech kimdan kam bo‘lmagan navqiron avlodni tarbiyalash bugungi kunda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Bu borada Siz fidoyi o‘qituvchi va murabbiylarning zahmatli mehnatingiz har qancha maqtovga loyiq. Bugungi bayramda farzandlarimizga ta’lim-tarbiya berishda alohida ibrat ko‘rsatgan ustoz va murabbiylarimizning har birining sharafli mehnatlarini mamnuniyat bilan e’tirof etib, kasb bayramlari bilan chin dildan qutlaymiz.
Hayot bor ekan, o‘qituvchi kasbi o‘zining ma’no-mazmuni va oliyjanobligini, ahamiyati va hurmatini hech qachon yo‘qotmaydi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning: “Sizlar dunyodagi eng bebaho boylik va boqiy merosni yaratish, uni xalqimizga, o‘nib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimizga bezavol yetkazish yo‘lida chinakam fidoyilik ko‘rsatib mehnat qilayotgan ulug‘ insonlarsiz. Bu ulkan boylik – aql-zakovat va ilm, bu o‘lmas meros – yaxshi tarbiyadir”, – degan so‘zlari fikrimizning yaqqol tasdig‘idir. Biz qutlug‘ shu ayyomni keng nishonlar ekanmiz, Sizlarning yosh avlodga bilim berishdek murakkab, ammo sharafli mehnatingiz uchun barchamiz samimiy minnatdorchilik bildirishni o‘zimizning muqaddas burchimiz deb bilamiz.
Hurmatli fidoyi kasb sohiblari!
E’tirof etish lozimki, har qanday davlatning ravnaqi, ertangi istiqboli shak-shubhasiz bugungi kundagi yoshlarning ta’lim-tarbiya olishi, kelajakda ularning to‘g‘ri kasb-hunar tanlashiga chambarchas bog‘liq. “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb nom olgan ushbu yilda ta’lim sohasiga berilayotgan e’tibordan barchamiz xabardormiz. Binobarin, ta’limning barcha bosqichlariga, ayniqsa, maktabgacha ta’limga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik xayrli maqsadlarning yorqin ifodasidir. 2016 yilga qadar Qamashi tumanida bolalarni bog‘chalarga qamrov darajasi 11 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, bugunga kunga kelib bu ko‘rsatkich 56,4 foizni tashkil qilmoqda. Hozirgi kunda tumanda 3-7 yoshli bolalar 27 ming 972 nafar bo‘lib, shulardan 16 mingga yaqin jajji o‘g‘il-qizlarimiz 31 ta Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari, 9 ta Davlat sherikligi asosidagi tashkilotlar va 259 ta oilaviy nodavlat muassasalarida tarbiyalanmoqda. Yil yakuniga qadar tumanimizda umumiy bola qamrovi 66,2 foizga yetkaziladi.
Joriy yilda maktab o‘quvchilarimiz yanada ulkan yutuqlarga erishdi. Jumladan, maktab bitiruvchilarining 34 nafari oltin, 16 nafari kumush medallar sohibi bo‘lishdi. 98 ta maktabning 11-sinf bitiruvchilaridan 1108 tasi oliy ta’lim muassasalari talabasi bo‘lib, shundan 225 nafari grand asosida, 883 nafari esa to‘lov kontrakt asosida talabalikka qabul qilindi.
Davlat ta’lim muassasalari bilan birgalikda xususiy maktab va o‘quv markazlarining ta’lim sifatiga katta hissa qo‘shmoqda. Jumladan, xususiy maktab bitiruvchilarining 100 foizi, “Abdinabi” o‘quv markazi bitiruvchilari 98 foizi, “Zamaxshar” o‘quv markazi bitiruvchilarining 93 foizi oliy ta’lim muassasalarining talabasi bo‘ldi. Bilimli va iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bu o‘quv markazlarida ko‘plab imkoniyatlar joriy qildi. Xususan, “Zamaxshar” o‘quv markazi o‘quvchisi Imomova Subhida qizimiz 189 ballni to‘plab Toshkent Jahon tillari Universiteti talabasi baxtiga muyassar bo‘ldi va “Spark” avtomashinasini qo‘lga kiritdi.
Aziz tumandoshlar!
Tumanimizda yoshlarimizning sport va san’at sohasidagi iste’dodlarini ruyobga chiqarishda fidoyilik qilayotgan Bolalar o‘smirlar sport maktabi, Bolalar musiqa va san’at maktabi muallimlari jamoasining hamda kasb- hunar maktablari va kollejlari o‘qituvchilarining mehnatlari beqiyosdir. Sport maktablarining sportchilari tomonidan joriy 2024 yilning 9 oyi davomida respublika chempionati va kubogi sport musobaqalarida jami 68 ta (26 ta oltin, 22 ta kumush va 19 ta bronza) medal, Xalqaro va Jahon miqyosidagi musobaqalarda esa jami 16 ta (7 ta oltin, 2 ta kumush va 7 ta bronza) medallar qo‘lga kiritdi.
Hurmatli ustozlar!
Xalqimizning ishonch va e’tiborini oqlashda Sizga kuch-quvvat, mustahkam iroda hamda sihat-salomatlik tilayman. Sizga va Siz orqali oila a’zolaringizga baxt va omad, xonadonlaringizga tinchlik – xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.
Ayyomingiz muborak bo‘lsin!
Xurshid Usmonov ,
Qamashi tumani hokimi.