
Berilgan imkoniyatlar imtiyoz emas, mas’uliyat
Kechirimlilikni suiiste’mol qilish, tayinlangan jazo engilligini notoʻgʻri tushunish oxir-oqibat panjara ortiga etaklaydi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Qamashi tuman sudining sayyor majlisi avvalida raislik qiluvchi mahkumlarga bu borada tushuntirishlar berarkan, qonunchilikdagi islohotlar muddatidan avval ozod qilishni ham istisno qilmasligini ta’kidlab oʻtdi.
Shunga muvofiq sud davomida probasiya hisobida jazo oʻtagan mahkumlarning belgilangan majburiyatlarni qay darajada bajarganligi masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Ularning qilmishidan pushaymonligi, tuzalish yoʻliga oʻtganligi hamda taqdimnoma yuzasidan kiritilgan hujjatlar atroflicha muhokama qilindi.
Har qanday jinoyatga jazo muqarrar. Jazoning esa engil ogʻiri boʻlmaydi. Albatta, bu tushunchalar sud tomonidan muddatidan avval ozod etilgan mahkumlarning xatolaridan chiqargan xulosalari.
Qoʻyilgan majburiyatlar va tayinlangan cheklovlar sabab ozodligi cheklangan shaxslar qonunlarimizdagi insonparvarlik tamoyillarini oʻz hayotlari misolida koʻrar ekan, bundan xursandligini yashirib oʻtirishmadi.
Sayyor sud davomida 5 nafar mahkum muddatidan avval ozod qilindi.
Bu esa beshta xonadonga xotirjamlik olib kirdi. Endilikda ular bu kechirimlilikni imtiyoz deb emas, keyingi hayotlaridagi mas’uliyat deb bilsa, oʻzlari uchun foydadan holi boʻlmaydi.