Ilm – najot nuri

Ilm – najot nuri

Ilm inson o’rganishi kerak bo’lgan bilimlar jamlanmasi. Ilmi inson har tomonlama yetuk hisoblanadi hamda uning martabasi bir pog’ona balandda bo’ladi. Ilm insonni komillik sari yetaklovchi yo’ldir. Xalqimizda: «Beshikdan to qabrgacha ilm izla»-degan naql bor, bu bejizga emas, zero har bir inson kim bo’lishidan qat’iy nazar ilm talabida bo’lmoqligi lozim. Ilm yo’lidagi toliblarga qaratilgan Hazrat Navoiyda shunday bayt mavjud:

Bilmaganni so’rab o’rgangan olim,

Orlanib so’ramagan o’ziga zolim.

Bayt mazmunidan anglashiladiki: inson ilm izlash yo’lida bilmaganini bilganlardan so’rab o’rgansin, g’ururini ustun qo’yib so’rashdan bosh tortmasin, zero bu ishni qilganlar o’ziga zolimdirlar deydi. Inson o’zida mujassam ilmni o’zgalarga o’rgatmog’i lozim.Ana shundagina u inson haqiqiy ilm sohibi hisoblanadi. Alisher Navoiy  ilmli olim insonlarni payg’ambarlar darajasiga ko’taradi:

Birovkim qilsa olimlarg’a ta’zim,

Qilur go’yoki payg’ambarlarg’a ta’zim.

Ilm borasida donishmand xalqimiz orasida ham ibratli hikoyat va naqllarimiz talaygina. Bundan tashqari shoirlarimiz ham qofiyaga solib go’zal satrlarni yaratishgan, shunday insonlardan biri Nasimjon Olimov bo’lib, uning ijodidan ilmga bag’ishlangan bir misrani namuna qilib keltiramiz.

Hech zamon ilmdan bo’lmagin yiroq,

Jaholat xor etib etgusi halok

Ilm bir nurdurki yoritgay yo’ling,

O’tsa ham ming yillar saqlagay noming.

Jaholat botg’og’idan qutqarguvchi ilmning so’nmas nurlaridir. Bu nurlar abadiy porlamog’i uchun har bir ilm talabidagi shaxslar bilimni ixlos bilan o’rganmog’i, o’rganganlarini teran anglab yetmog’i, o’zlari qalbiga jo qilgan ilm xazinalarini ilm toliblariga o’rgatmog’i lozim, zero ilm – najot nuridir.

Fayoza Normurodova,

Farg’ona davlat universiteti talabasi