
Munosabat
Ijtimoiy tarmoqlarda Qamashi tumani Oqrabod hududidagi bir qator fermer xoʼjaliklari rahbarlarining paxta xomashyosining terim pullari va paxta qabul qilish yuzasidan murojaatlari muhokamalarga sabab boʼldi.
Ushbu holat yuzasidan tegishli masʼullar tomonidan oʼrganish ishlari olib borilidi.
Qamashi tumanida 2024-yil paxta hosili uchun 394 ta fermer xoʼjaligi tomonidan 9000 gektarda gʼoʼza parvarish qilindi.
Fyuchers shartnomasiga koʼra, ushbu fermerlar tomonidan 19 906 tonna paxta xomshayosi topshirish belgilangan.
Bugungi kunda 23 016 tonna paxta terib topshirildi. Paxta xomashyosi tumanda faoliyat yuritib kelayotgan 2 ta paxta-toʼqimachilik klasterlariga qarashli 6 ta paxta qabul qilish maskanlarida qabul qilindi.
Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 13 sentyabrda “Paxta xomashyosini yetishtiruvchilarni moliyaviy qoʼllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi 574-sonli Qarori qabul qilingan. Ushbu Qarorning 2 bandi 3 xatboshisiga asosan 2024-yil uchun paxta yetishtiruvchilar, qayta ishlovchilar oʼrtasida birja savdolarida tuzilgan shartnomalar boʼyicha qoʼshimcha kelishuv tuzish, bunda paxta xomashyosining sotish narxi 6 mln. 800 ming soʼmdan kam boʼlmasligini inobatga olish belgilab qo’yilgan.
Shunga ko’ra tumandagi aksariyat fermer xoʼjaliklari qoʼshimcha kelishuv ishlarini amalga oshirgan boʼlib, belgilangan summalar va terim pullarini olgan. Shuningdek, qoʼshimcha kelishuv qilgan fermer xoʼjaliklariga jamgʼarma mablagʼlari hisobidan 1 tonna paxta xomashyosi uchun 1 mln. soʼm miqdorida subsidiya mablagʼlari toʼlab berilmoqda.
Lekin Oqrabod hududida ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat qilgan fermer xoʼjaliklari rahbarlari bir necha marotaba ogohlantirish va tushuntirish ishlari olib borilishiga qaramasdan Qarorda koʼrsatilgan qoʼshimcha kelishuv ishlarini amalga oshirmasdan kelmoqda. Shu sababli ularga paxta xomashyosi va terim pullarini berishda muammolar yuzaga kelgan.