Xalq ta’lim tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha 2022-yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar bo‘yicha tuman hokimining murojaati

Xalq ta’lim tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha 2022-yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar bo‘yicha tuman hokimining murojaati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida 2022-yil 28-yanvar kuni Xalq ta’limi tizimini yanada rivojlantirishda vazirlik va mahalliy hokimliklarning mas’uliyatini oshirish bo‘yicha 2022-yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishida Xalq ta’limi tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha topshiriq berilgan.

Qamashi tumanida 2022-yil Xalq ta’limi tizimini yanada rivojlantirish bo’yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida quyidagi ishlar amalga oshiriladi. Jumladan;

birinchidan, maktablarni yer va binolaridan samarali foydalanish, kam xarajat bilan quvvatlarni oshirish choralari ko’riladi;

tuman mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalari tushumlarini ko‘paytirish evaziga yil davomida 12,0 mlrd so‘m qo‘shimcha manbalar tushirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 3 ta, ya’ni “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” hamda “Temir daftar”ga 4 mlrd so‘m, “Tashabbusli budjet” xarajatlariga 3.6 mlrd so‘mni shuningdek, qolgan xarajatlarning kamida 30 foizini ya’ni, 1.3 mlrd so‘mini maktablarni qurish, ta’mirlash va jihozlashga ishlatiladi;

ikkinchidan, Qamashi tuman hokimi B.Tog‘ayev rahbarligida “Xalq ta’limini isloh qilish” tuman Kengashi tuzildi;

maktab direktorligiga tanlov asosida malakali menejerlarni olib kelish hamda xorijdan mutaxassislarni jalb qilish choralari ko‘riladi;

Qamashi tumanidagi 61-sonli maktabning ijobiy tajribasi joriy etiladi, kutubxonalarni kitoblar bilan to‘ldirish, shuningdek darsdan keyin sport zal va kompyuter xonalarini doimiy ishlashi ta’minlanadi, ularda har kuni kitobxonlik, konsert, musobaqa, mushoira o‘yinlari o‘tkaziladi;

uchinchidan, o‘quvchi yoshlarni bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, besh muhim tashabbus doirasida barcha shart sharoitlarni yaratib, 95 ta umumta’lim maktablariga musiqa asboblari, sport jihozlari sotib olishga mahalliy budjet hisobidan mablag‘ ajratiladi hamda har bir ta’lim muassasalarini bitiruvchilari kamida bitta musiqa asbobini chalishni bilishini ta’minlash maqsadida musiqa va san’at yo‘nalishidagi oliy ma’lumotli pedagoglarni jalb qilish ishlarini amalga oshiriladi;

to‘rtinchidan, tuman xalq ta’limi tizimida faoliyat yuritayotgan pedagog kadrlarning salohiyatini ko‘tarish yuzasidan 2022-yil davomida 4 581 nafar o‘qituvchilardan 2 320 nafari toifa olishi uchun o‘tkaziladigan attestatsiyaga buyurtma beriladi. Shundan 513 nafari oliy toifa, 710 nafari birinchi toifa, 1 097 nafari ikkinchi toifa olishlari ta’minlanadi. Shunda oliy toifali o‘qituvchilar 103 nafardan 513 nafarga yoki 2,2% dan 11,1% ga, birinchi toifali o‘qituvchilar 325 nafardan 710 nafarga yoki 7,1% dan 15,4% ga oshiriladi;

beshinchidan, xalq ta’limi tizimidagi maktablarda ayrim fanlardan yetishmaydigan fan o‘qituvchilarini ya’ni boshlang‘ich fani 5 nafar, rus tili fani 13 nafar, informatika fani 2 nafar, ingiliz tili 14 nafar va musiqa fani 2 nafar pedagoglarga jami 36 nafar o‘qituvchilarni 23 nafarini oliy ta’lim dargohlari bitiruvchilari hamda 13 nafari qo‘shni tumanlardan qo‘shimcha ustama haq to‘lash evaziga tumandagi umumiy o‘rta maktablariga jalb qilinadi va kadrlar yetishmasligi masalasi hal qilinadi;

oltinchidan, maktablarda faoliyat yuritayotgan 1 047 nafar (22,8 %) o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchilardan 185 nafari 2021-2022-o‘quv yilida oliy ta’lim dargohlariga hujjat topshirib 56 balldan yuqori olganlarning hujjatlari qayta ko‘rib chiqish uchun oliy ta’lim vazirligiga taqdim qilingan. 2022-2023-o‘quv yilida o‘rta maxsus ma’lumotli 414 nafar o‘qituvchilar tayyorlov kurslarida tayyorlanib oliy ta’limga hujjat topshirishi rejalashtirilgan. Bundan kelib chiqadiki, 2022-2023-o‘quv yilining oxiriga borib ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan o‘rta maxsus ma’lumotlilarning 599 nafari ya’ni 57,2% oliy ma’lumotli o‘qituvchi maqomini olishi rejalashtirildi;

yettinchidan, ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning kasb-hunarga o‘rgatish yuzasidan tumandagi barcha umumta’lim maktablarida 15 ta yo‘nalishdagi kasb-hunarga o‘rgatish xonalari tashkil etish va malakali texnologlar tomonidan o‘quvchilarga nazariy va amaliy bilimlar berib borilishi yo‘lga qo‘yiladi hamda o‘quvchilarni ushbu kasblarga qiziqishini oshirish uchun. “Ustoz-shogird” an’anasi tashkil etish bo‘yicha o‘g‘il bolalar uchun “Yigit kishiga qirq hunar oz” mavzusida, qiz bolalar uchun “Tanlagan kasbim-kelajakdagi baxtim” mavzusida o‘quvchilarni shogirdlikka biriktirish ishlari amalga oshirildi;

sakkizinchidan, 2021-2022-o‘quv yilda 11-sinfni bitirgan 4 071 nafar o‘quvchilardan 718 nafar oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilinib 17,6 % ni tashkil qilgan bo‘lsa 2022-2023-o‘quv yilida tumandagi jami 3 452 nafar 11-sinf bitiruvchilarini oliy ta’limga yo‘naltirish 30% ga ko‘tarish rejalashtirildi. Buni amalga oshirish uchun 11-sinf o‘quvchilarining qiziqishlari inobatga olinib fanlar kesimida fan o‘qituvchilari tomonidan to‘garaklar faoliyati kuchaytiriladi;

to‘qqizinchidan, xalq ta’lim tasarrufidagi maktablarda ma’nan eskirgan va mavjud ehtiyojdan kelib chiqib yil ohrigacha 100 dona zamonaviy rusumdagi sinf kompyuter jamlanmalarini mahalliy budjet mablag‘lari va boshqa manbalar hisobidan olib beriladi;

o‘ninchidan, tumandagi 95 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 13 tasida laboratoriya sinflarida jihozlar va asbob uskunalar bilan ta’minlanmaganligi va 36 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablarida jihozlar va asbob uskunalar ma’nan eskirganligi aniqlangan. Ushbu yetishmovchiliklarni bartaraf etish uchun o‘qituvchilarni ko‘proq elektron darsliklardan foydalanishga jalb etiladi;

o‘n birinchidan, maktablardagi mavjud kutubxonalarda darslik kitoblardan tashqari o‘quvchilar o‘qishi uchun 80 mingga yaqin badiiy adabiyotlar mavjud bo‘lib, yana 15 mingta qo‘shimcha badiiy adabiyotlarga ehtiyoj mavjud. 2022-yil davomida ushbu kitoblar maktablarga olib beriladi;

o‘n ikkinchidan, ta’lim muassasalaridagi o‘quvchilarni madaniyat va san’atga jalb etish, 8 turdagi 375 dona milliy musiqa cholg‘u asboblari mavjud bo‘lib, yetishmovchilik bo‘lgan 10 turdagi 200 dona milliy musiqa cholg‘u asboblari maktablarga olib berish chorasi ko‘riladi;

o‘n uchinchidan, o‘quvchi yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash uchun umumiy o‘rta ta’lim maktablarning chaqiriqqa qadar yoshlarni tayyorlash fani o‘qituvchilari tuman mudofaa bo‘limi bilan hamkorlikda yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘ularni uyg‘otuvchi to‘garaklar tashkil etish. Viloyat mudofaa bo‘limi, nafaqadagi harbiylar, harbiy kursantlar bilan hamkorlikda umumiy o‘rta ta’lim maktablarda xor orkestrining konsertlarini tashkil etish orqali yoshlar o‘rtasida vatanga sadoqat tuyg‘ularini oshirish. O‘quvchi yoshlarning harbiy-vatanparvarlik tarbiyasini yanada takomillashtirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlari ishlab chiqilib, “Eng buyuk jasorat-ma’naviy jasoratdir”, “Biz vatanga tayanamiz” shiori ostida targ‘ibot tadbirlari o‘tkaziladi;

o‘n to‘rtinchidan, tumandagi 7 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quvchilarni o‘quv koeffitsiyenti 1.8% dan yuqori bo‘lgan maktablar mavjud bo‘lib, 2022-yilda 2 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida investitsiya dasturi asosida qo‘shimcha o‘quv binolari quriladi. Qolgan 5 ta maktablarni 2023-yilda investitsiya dasturiga kiritish bo’yicha taklif tayyorlanadi.