O’ZBEKISTONDA QONUNLARNI ASOSIY MAQSADI JAZOLASH EMAS

O’ZBEKISTONDA QONUNLARNI ASOSIY MAQSADI JAZOLASH EMAS

Bugungi kunda deyarli har kuni qaysidir qonun hujjatiga o‘zgartish yoki qo‘shimcha kiritilayotganligi, huquqiy islohotlar olib borilayotganligi borasidagi xabarlar qulog‘imizga chalinadi. Haqiqattan ham bu borada ish olib borayotgan katta-katta muassasalar, ilmiy markazlar va institutlar mavjud. Ushbu huquqiy islohotlar zamirida ham shunday jinoyat yoki huquqbuzarlik sodir etib adashgan shaxslarni qayta tarbiyalash, ularni yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek ma’rifatga boshlab, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish nazarda tutilganmi? Yoki bu qonunlar va ularga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalardan maqsad shaxsni jazolashmi?

Dunyo mamlakatlari jinoyat va jinoyat protsessual qonunchiligida shaxslarning huquq va manfaatlarini oliy darajada ta’minlash muhim rahbariy qoida sifatida mustahkamlangan. Xususan, jinoyat protsesssual qonunchilikda jabrlanuvchining manfaatlarini ta’minlash va mazkur munosabatlarga oliy qadriyat sifatida qarash dolzarb ahamiyat kasb etadi. Zero, shaxsga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zarar mazkur ijtimoiy munosabatlarning markazida bo‘lgan jinoyat natijasida kelib chiqadi. Demak, jinoyat va jinoyat protsessual qonunchilik tizimining huquqiy mezonni ta’minlashdagi asosiy vazifasi bu – jinoyat natijasida huquq va manfaatlariga putur yetgan shaxs, – jabrlanuvchini buzilgan huquqlarini tiklash va unga yetkazilgan zararni qoplanishi bo‘lib hisoblanadi. Dastavval qonun chiqaruvchi jabrlanuvchining huquqlarini tiklash bo‘yicha me’yorlarni yaratishi, shundan so‘ng jinoyat sodir etgan shaxsga adolatli jazo berishi va bunda ham jabrlanuvchinining talablarini inobatga olish borasidagi normalarni ishlab chiqishi talab etiladi.

Demak, mamlakatimizning jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini asosiy maqsadi har bir jinoyat bo‘yicha adolatni tiklash ya’ni, eng avvalo putur yetgan huquqni tiklash va o‘rnini qoplash, shundan so‘ng jinoyat uchun javobgarlikni muqarrarligini ta’minlash bo‘lib hisoblanar ekan.

Hozirgi kunda mamlakatimizda chuqur ijtimoiy islohotlar amalga oshirilishi davrida, shaxsga nisbatan ish yuritishni rad etish yoki tugatish yo‘li bilan javobgarlikdan ozod qilish borasidagi huquqiy me’yorlarni takomillashtirish, sohaga oid jahonning rivojlangan mamlakatlari tajribasini amaliyotga joriy etish, shuningdek, odil sudlovning negizi bo‘lgan jabrlanuvchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish va surishtiruv va dastlabki tergov protsessini rivojlantirish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borish muhim sanaladi.
Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev: “Odil sudlovning mazmun-moxiyatiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan sudlar tomonidan jinoyat ishlarini qo‘shimcha tergovga qaytarish amaliyotidan voz kechish vaqti keldi. Shu nuqtai nazardan, faoliyatimiz, birinchi navbatda, aybdor shaxsni javobgarlikka tortib, unga «sudlangan» degan tamg‘ani bosishga emas, aksincha, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va profilaktikasiga qaratilishi zarur” deb ta’kidlaydilar.

Shu o‘rinda jinoyatchilik statistikasiga e’tibor qaratsak, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yilda 47 657 ta jinoyat ishlari doirasida 61 263 nafar shaxs hukm qilingan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich 2022-yilda 58 697 ta jinoyat ishi doirasida 75 078 nafarni, 2023-yilda 58 418 ta ish doirasida 73 797 nafarni tashkil qilgan.
Mazkur jinoyat ishlari doirasida yetkazilgan zarar qoplanganligi va jabrlanuvchi bilan sudlanuvchining yarashganligi munosabati bilan 2021-yilda 12 788 ta jinoyat ishlari doirasida 13 624 nafar shaxs, 2022-yilda 14 446 ta jinoyat ishlari doirasida 15 315 nafar shaxslar, 2023-yilda 13 847 ta jinoyat ishlari doirasida 14 698 nafar shaxslarga nisbatan yuritilgan jinoyat ishlari tugatilgan va mazkur shaxslarning barchasi javobgarlikdan ozod etilgan.

Birgina jabrlanuvchi bilan yarashganligi munosabati bilan tugatilgan jinoyat ishlarining ulushi, 2021-yilda 22,2 foizni, 2022-yilda 20,3 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, 2023-yilda ushbu ko‘rsatkich qariyb 20 foizni tashkil qildi. Ta’kidlash lozimki, tomonlarning yarashganligi munosabati bilan jinoyat ishining tugatilishi bu – faqatgina javobgarlikdan ozod qilishning bir turib bo‘lib, mamlakatimiz jinoyat qonunchiligida javobgarlikdan ozod qilishning yana bir qancha turlari mavjud.

Yuqoridagi statistik ma’lumotlar tahlilidan ma’lum bo‘ladiki, bugungi kunda jinoyat sodir etgan shaxs sodir etgan jinoyatini ijtimoiy xavfini anglashi hamda qat’iy tuzalish yo‘liga o‘tganligi shu bilan birga jinoyat ko‘chasiga qaytmasligi borasidagi xulosaga kelganligi aniqlansa va yetkazilgan zararning o‘rinini qoplsa, bunday shaxslarga ikkinchi imkoniyat berilmoqda.

Shuningdek, bu borada sud tomonidan hukm qilinib jazolangan shaxslarning taqdiri borasidagi ko‘rsatkichlar dinamikasi ham e’tiborga sazovor. Xususan, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 2021-yilda 21 780 nafar, 2022-yilda 26 753 nafar, 2023-yilda 33 612 nafar shaxslar jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan bo‘lsalar, 2021-yilda 7 480 nafar, 2022-yilda 10 202 nafar, 2023-yilda 12 286 nafar xukm qilingan shaxslarning jazosi yengilrog‘i bilan almashtirilgan.

Albatta yuqoridagi raqamlar o‘z o‘rnida yuqoridagi fikrlarni asoslash barobarida huquqiy islohotlarning zamirida qonunlarni maqsadini faqatgina jazolash emas, balki eng avvalo javobgarlik muqarrarligini hamda qonun ustuvorligini ta’minlashdan iborat ekanligini asoslaydi.
Shu bilan birga yuritimiz aholisini huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish hamisha ustuvor vazifa bo‘lib qolaveradi. Shu o‘rinda bugungi kunda turli taqiqlangan diniy oqimlarga qo‘shilib qolgan ba’zi fuqarolarning avf etilishi o‘zbekona bag‘rikenglik, insonparvarlik va adolatparvarlikning nishonasi bo‘lib, ularni noto‘g‘ri yo‘ldan qaytarish, ular o‘rtasida ekstremizm va aqidaparastlik g‘oyalarini oldini olish, Vataniga, ota-onasi, oilasi bag‘riga qaytarish, tinch hayot kechirishni niyat qilgan bu toifa shaxslarga yana bir bor imkon berish, behuda sarob bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik kabi maqsadlarga qaratilgan.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev “Parlamentimiz haqiqiy demokratiya maktabiga aylanishi, islohotlarning tashabbuskori va asosiy ijrochisi bo‘lishi kerak” hamda “Jismoniy va ma’naviy yetuk yoshlar – ezgu maqsadlarimizga yetishda tayanchimiz va suyanchimizdir” deb nomlangan ma’ruzalarida tegishli sohalar vakillariga ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash, yoshlarni turli tahdidlardan asrash, tuzalish yo‘liga kirgan kishilarni sog‘lom hayotga qaytarish choralarini ko‘rish muhim vazifa ekanini ta’kidlab: “Adashgan yoshlarni tarbiyalashimiz, kerak bo‘lsa, jazoni o‘tash joylariga ham borib, ular bilan gaplashishimiz lozim. Chin dildan tavba qilib, ota-onasi, oilasi bag‘riga, to‘g‘ri yo‘lga qaytishni niyat qilgan odamlarga amaliy yordam berishga men davlat rahbari sifatida doimo tayyorman”– degan edi.
Shundan kelib chiqqan holda huquqni muhofaza qiluvchi idora vakillari, O‘zbekiston musulmonlari idorasining mas’ul xodimlari, davlat va jamoat tashkilotlari ishtirokida jaholat yo‘lidan qaytgan, adashganini anglab yetgan ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar bilan jamoaviy va yakka tartibda ish olib borilmoqda. Har bir shaxsning dunyoqarashi, fikri, adashib noto‘g‘ri yo‘lga kirib qolganidan pushaymonligi, oilasi, farzandlari hamda Vatan oldidagi burch va mas’uliyatlari haqida batafsil muloqotlar o‘tkazilmoqda.

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstititsiyasining 29-modda beshinchi qismida “Jinoyat uchun hukm qilingan har kim qonunda belgilangan tartibda hukmning yuqori turuvchi sud tomonidan qayta ko‘rilishi huquqiga, shuningdek afv etish yoki jazoni yengillashtirish to‘g‘risida iltimos qilish huquqiga ega”ligi mustahkamlangan. Bu esa o‘z navbatida har qanday jinoyat yo‘liga adashib kirib qolan shaxsning afv etilishi huquqi konstitutsiya darajasida mustahkamlanishiga zamin yaratdi.

Mazkur normada demak, mamlakatimizda yashayotgan har bir shaxsning ishi sudda ko‘rilgach, mazkur sud qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda yuqori turuvchi sud instantsiyalariga murojaat qilishi va o‘ziga nisbatan adolatli xukm chiqarilishi so‘rab qayta murojaat qilishi, shu bilan birga jinoiy jazoga xukm qilingan shaxslar o‘zlarini jinoiy jazodan ozod etishni, xususan afv etishni so‘rab murojaat qilishlari mumkinligi huquqini konstitutsion darajada belgilanayoganligini anglatadi.

Mazkur qoida konstitutsiya darajasida belgilanganligi nima beradi? – Avvalo afv etish instituti yoki yuqori sudlarga murojaat qilish huquqi bugungi kunda tegishli qonun va qonunosti hujjatlar bilan tartibga solingan va bu borada ayrim sohasida farq qiluvchi huquqshunoslarning ham bilimlari yetarli emas. Ushbu normalarning konstitutsiya darajada belgilanishi bu borada mamlakatimizda yashayotgan har bir shaxsni huquqiy ongini rivojlantirishi, fuqarolarimizda qilmishiga pushaymon bo‘lganlarni o‘zlarini afv etishni so‘rab iltimos qilishlari huquqlari mavjudligini anglashlari bilan bir qatorda mazkur huquqlaridan yanada kengroq foydalanish imkoniyatini yaratadi.
Konstitutsiyaning mazkur moddasi asosida jazoni o‘tayotgan yoki o‘tab bo‘lgan shaxslarning afv etishga bo‘lgan huquqi konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanmoqda. Afv etish akti inson huquqlariga mos bo‘lgan, uning manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan hujjat bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinadi. Afv etish asosida shaxsning aybsizligi yoki aybdorligi aniqlanmaydi, shaxs oqlanmaydi, jinoyat sodir etilganligi inkor qilinmaydi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar va yangilanishlarning asosida insonparvarlik, inson hayoti, uning erkinligi, sha’ni, kadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlarini oliy qadriyat deb tan olish kabi umuminsoniy va konstitutsiyaviy tamoyillar mujassam. Ushbu tamoyillarning amalda ta’minlanishi inson huquq va manfaatlarining hayotiy ifodasidir.

Alisher Turg’unov, Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tumani sudi sudyasi